To‘g‘ri ovqatlanish – salomatlikning muhim omili

Ovqatlanishning ham o‘ziga xos tartiblari borki, har kim unga yoshi, salomatlik darajasi va mehnat qilish turidan kelib chiqib yondashishi tavsiya etiladi. Ba’zilar har kuni yog‘li va yuqori kaloriyali taomlarni iste’mol qilsa, to‘g‘ri ovqatlanayapmiz, deb o‘ylaydi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yuqori quvvatli taomlarni muntazam tanovul qilish, shu bilan birga, kamharakatlilik qon bosimi, qandli diabet, insult, miokard infarkti, buyrak va me’da-ichak tizimi a’zolari kasalliklarining yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Tibbiyot ilmi sultoni Abu Ali ibn Sino “Tib qonunlari” asarida to‘g‘ri ovqatlanish va uning ahamiyati to‘g‘risida to‘xtalib, “Kimki sog‘lom turmush tarziga erishmoqchi bo‘lsa, o‘z sog‘lig‘ini saqlamoqchi va mustahkamlamoqchi bo‘lsa, ovqatlanish tartibiga, iste’mol qilinayotgan ovqatning sifatiga, miqdoriga, ovqatni iste’mol qilish vaqti va uning hazm bo‘lish jarayoniga asosiy e’tiborini qaratmog‘i lozim”, deb ta’kidlagan. – Odatda ko‘plab kasalliklar noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatida yuzaga keladi, – deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi birinchi klinikasi diyetologi Karima Jabborova. – Hozirgi kunda odam organizmi uchun 13 turdagi vitaminlar zarurligi fanda isbotlangan. Bular kalsiy, natriy, magniy, kaliy, fosfor, yod, temir va boshqa moddalar. Ularni biz asosan meva-sabzavotlar, ko‘katlar, poliz hamda sut, go‘sht, parranda, baliq, tuxum, dukkakli mahsulotlardan olamiz. Umuman olganda, yozgi oziq-ovqatlar tarkibini 28 foiz yog‘, 55 foiz oqsil, 17 foiz uglevodlar tashkil etishi kerak. Shu bois yoz mavsumida okroshka, go‘ja kabi parhezli taomlarni iste’mol qilish tavsiya qilinadi. Ular ham to‘yimli, ham mazali. Yoz faslida ko‘proq suyuqliklar ichish tavsiya etiladi. Mutaxassislar fikricha, bir kecha-kunduzda inson o‘z vaznining har kilogrammiga 30 millilitrdan suv iste’mol qilishi kerak. Masalan, 50 kilogramm vazndagi odam sutkasiga 1,5 litr suv ichishi zarur. Suyuqliklar inson organizmidagi toksinlarni yuvishi bilan ham ahamiyatlidir. Yozda dasturxonimizda toblab pishirilgan sabzavotlar, yangi uzilgan mevalar, dukkakli o‘simliklar, qaynatilgan taomlar, qatiq, tvorog kabi sut mahsulotlari bo‘lishi tavsiya etiladi. Bu kabi minerallar va oqsillarga boy mahsulotlar organizmda moddalar almashuvini yaxshilaydi, immunitetni mustahkamlaydi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 25-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisining sog‘lom ovqatlanishi sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori inson salomatligini asrash, kasalliklarning oldini olish va sog‘lom turmush tarzining muhim omili bo‘lgan to‘g‘ri va ratsional ovqatlanish madaniyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. – Sog‘lom ovqatlanish madaniyatni yuksaltirish aholi salomatligini asrashning muhim omillaridandir, – deydi poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 15-oilaviy poliklinika shifokori Hojiakbar Hojiahmedov. – To‘g‘ri ovqatlanish uchun oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishda ularning sifatiga e’tibor berish, muvofiqlik sertifikatini tekshirish lozim. Qo‘lbola usulda tayyorlangan va noqonuniy joylarda sotilayotgan mahsulotlardan ehtiyot bo‘lgan ma’qul. Shu maqsadda turli davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan hamkorlikda xonadonlarda to‘g‘ri ovqatlanish qoidalari, sog‘lom turmush tarziga rioya etish, ovqatdan zaharlanish, diareya, botulizm va boshqa o‘tkir ichak kasalliklarining oldini olishga bag‘ishlangan targ‘ibot-tushuntirish ishlarini muntazam olib bormoqdamiz. Zero, har bir insonning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr kechirishi uning sog‘lom turmush tarziga nechog‘li rioya etishiga bog‘liq.